So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashda belgilab berilgan vazifalar doirasida «10 noyabr-10 dekabr kunlari respublikamizda Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi» deb e’lon qilindi.

Oylik doirasida yurtimizdagi sog‘liqni saqlash tashkilotlarida «Sog‘liqni saqlash tizimini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish – ustuvor vazifamiz!» shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Shunday ma’rifiy tadbir Nukus shahridagi 8-sonli oilaviy poliklinikada ham o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul vakillari, tibbiyot xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh yuriskonsulti Jienbay Allaniyazov, vazirlikning Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi, sohada korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xizmat vazifalarini bajaruvchi Roza Qaypnazarovalar so‘zga chiqib, butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan oylikning ahamiyati va bu borada olib borilayotgan ishlar haqida tadbir ishtirokchilariga tushuntirishlar berdi.

So‘ngra ommaviy axborot vositalari vakillari uchun poliklinikada press-tur tashkil etilib, ular sog‘liqni saqlash sohasida inson omilini kamaytirish maqsadida, birlamchi tibbiy xizmatga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

– Poliklinikamiz Nukus shahridagi 40 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi, – deydi 8-oilaviy poliklinika bosh shifokori o‘rinbosari Zulfiya Ismoilova. – 2024 yilning 10 fevral kuni yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan poliklinikamiz barcha zarur asbob-uskuna va jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. Ayniqsa, aholimiz uchun poliklinikamizda D-med elektron dasturining ishga tushirilishi, sohada qog‘ozbozlikni kamaytirish va korrupsiyaning oldini olishda muhim o‘rin tutmoqda.

Tadbir davomida jurnalistlar soha xodimlariga savollar berib, ularga tegishli javoblar oldi.