Ellikqal’a tumanida “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbirini 2-fevraldan 28-fevralga qadar o‘tkazish belgilandi. Mazkur tadbir doirasida marafonning markaziy o‘tkazish joyi, “Salomatlik marafoni” bo‘yicha tibbiy ko‘riklar tashkil etiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda “Salomatlik maydonchalari”ning manzillari aniqlab olindi.

Mazkur tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Asqarov, Ellikqal’a tumani hokimi o‘rinbosari A. Atadjanov, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati, tibbiyot xodimlari hamda tegishli mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar “Salomatlik marafoni”ning aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdagi muhim ahamiyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, tumandagi 7 ta oilaviy poliklinika va 6 ta oilaviy shifokorlik punktlarida aholi kontingenti profilaktik tibbiy ko‘riklar va ommaviy skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilishi belgilandi. Shuningdek, surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan bemorlar Respublikaning yetakchi mutaxassislari ko‘rigiga hamda yuqori texnologik operaciyalar uchun saralab olinadi.

Ko‘rsatmaga asosan 11 turdagi laborator hamda 7 turdagi instrumental tekshiruvlar, shuningdek, tor soha mutaxassislariga yo‘llash ishlari tizimli ravishda amalga oshiriladi.

Marafon haftaning barcha kunlari, soat 09:00 dan 17:00 gacha amalga oshiriladi.   📌 Aziz Ellikqal’aliklar! Siz ham sog‘lom turmushga qaratilgan bu ezgu tashabbusdan chetda qolmang!

O‘z sog‘lig‘ingizga beparvo bo‘lmang! Sog‘lom turmush sari dadil qadam tashlang! Marafonda qatnashing!