2026-yil 14-avgust kuni U. Xal’muratov nomidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri M.I. Kurbanov rahbarligida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash hamda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Nukus shahar hamda tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari va mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida ichki infeksiyalarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologik talablarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘tkazilgan muhokama yakunlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, homilador ayollar va chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish, bolalar o‘limining oldini olish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash hamda tibbiy muassasalarda infeksion xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhokamalar yakunida tegishli rahbar va mutaxassislarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishidagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul rahbarlarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ijro intizomini mustahkamlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish vazifalari yuklatildi.






















