Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xalqaro hamkorlik yo‘nalishida olib borayotgan samarali ishlari natijasida 2026-yil 25-iyul kuni Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida Turkiyaning xalqaro Dünyagöz shifoxonasi malakali mutaxassislari ishtirokida aholi uchun bepul oftalmologik tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tadbir davomida turkiyalik mutaxassislar tomonidan yuzlab fuqarolar qabul qilinib, ularga ko‘z kasalliklarini erta aniqlash, tashxis qo‘yish hamda zamonaviy davolash usullari bo‘yicha malakali tibbiy maslahatlar berildi.
Qabul davomida katarakta, glaukoma, to‘r parda (retina) kasalliklari, makula patologiyalari, quruq ko‘z sindromi, diabet va arterial gipertenziya bilan bog‘liq ko‘z kasalliklari hamda boshqa oftalmologik muammolar bo‘yicha ko‘riklar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xalqaro tibbiy hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni hududda joriy etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish borasidagi amaliy ishlarining yorqin namunasi bo‘ldi.























