Prezidentimizning maxsus qarori asosida bemorlarga «Tez yordam» xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni takomillashtirish maqsadida, bugun Respublikamizga 8 ta yangi «tez yordam» avtomobillari olib kelinib, Nukus shahri va tuman tibbiyot birlashmalariga tantanali vaziyatda topshirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimizning maxsus qarorlari asosida tibbiyot sohasini rivojlantirish, davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni faxr bilan ta’kidladi va respublikamizga olib kelinayotgan ushbu avtomobillar yuqorida aytib o‘tgan so‘zimizning yaqqol dalili ekanligiga to‘xtaldi.
Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, so‘nggi yillarda Prezidentimizning qarori asosida, respublikamizda xalqimizga tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida, «Tez yordam» avtomashinalari bosqichma-bosqich yangi transportlarga almashtirilmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar respublikamizga 90 ga yaqin «Volkswagen Caddy» rusumli maxsus tez yordam avtomashinalari olib kelinib, ular xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilmoqda.
Avtomashinalarni topshirish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari B.Utemuratov, QR Sog‘liqni saqlash vaziri M.Kurbanov ishtirok etdi.
QR Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati