Respublikamizda tibbiyot sohasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik ishlari takomillashtirilib, aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha zamon talablari asosida yangiliklar joriy etilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Isroil davlati tashqi ishlar vazirligining «MASHAV» agentligi o‘rtasida hamkorlik ishlari jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, agentlikning tibbiyot sohasidagi olib borayotgan keng ko‘lamli ishlari natijasida yo‘lga qo‘yilgan loyihalari o‘zining ijobiy natijasini berayapti.

Shunday loyihalar Qoraqalpog‘istondagi «Mehrli insonlar» jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilib, akademik Yo.H.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali va Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga trenajyorlar zali, maktabgacha bolalar o‘yin xonasi, maktab yoshidagi bolalar uchun dars tayyorlash, rasm chizish xonasi, davolash, jismoniy tarbiya xonasi (JFK) kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.

Agentlik vakillari ushbu tibbiyot muassasalarida mehmon bo‘lib, bemorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Shuningdek, o‘z navbatida bemorlar va ularning ota-onalari ham bu yaratilgan sharoitlardan mamnun bo‘lib, tashrif buyurgan mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

– Bu yaratilgan sharoitlar o‘z navbatida filialimizda davolanayotgan bolalarning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktori Z.Palvanova.