Xalqaro «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti bilan hamkorlik o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda, – deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va xalqaro «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti sil kasalligini davolash bo‘yicha 1998 yildan buyon hamkorlikda ish olib bormoqda.

DOTS+ dasturi 2003-yilga kelib respublikamizning barcha tumanlarini qamrab oldi.

Sil kasalligida doriga chidamlilikni aniqlash maqsadida Respublika ftiziatriya va pulmonologiya markazi laboratoriyasida 2003-yildan boshlab doriga sezuvchanlikni tekshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi va shu yildan boshlab doriga sezuvchanlik testi natijasi bo‘yicha davolash uchun DOTS+ dasturi bo‘yicha davolash boshlandi.

Hozirgi vaqtda Respublika ftiziatriya va pulmonologiya laboratoriyasida zamonaviy laboratoriya ishlab turibdi.

Xalqaro «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti tomonidan o‘tgan yillar davomida bemorlarni uzluksiz dori bilan ta’minlash uchun dori-darmon va laboratoriya reaktivlari bilan muntazam ravishda ta’minlab kelindi.

Sil kasalligida yangi davolash usullarini qo‘llash uchun, hamkorlikda 6 oylik qisqa davolash usuli bo‘yicha klinik tadqiqot ishlari olib borilib, natijada bu usul yuqori samara ko‘rsatganligi sababli butun dunyoga sil kasalligini davolash uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etildi.

Ayni paytda ish jarayonida aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun har oyda bir marta «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti mutaxassislari va Respublika ftiziatriya va pulmonologiya markazi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazib turiladi.

Hamkorlik natijasida respublikamizda sil kasalligi bilan kasallanish ko‘rsatkichlarini birmuncha kamaytirishga erishildi.