Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini respublikaning boshqa hududlariga joriy etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yil 5 sentyabr kuni «Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.

Prezident qarori asosida ushbu mexanizm 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari, 2026 yildan boshlab mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etilishi belgilangan edi.

Ushbu qarorning ahamiyatini keng jamoatchilikka kengroq tushuntirish maqsadida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan «Tibbiyotga davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari va kelajakdagi rejalari haqida» matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murat Qurbonov, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi boshlig‘i Qural Kamalov, Respublika davolash va profilaktika muassasalari rahbarlari, tibbiyot xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar va dori-darmonlar davlat byudjetiga to‘lanadigan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Ya’ni, aholidan sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi, shu jumladan:

– davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladi;

– kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi;

– shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar hisobidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi (reimbursatsiya dasturi);

– tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi yaratiladi va ishga tushiriladi;

– kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari keng jalb etiladi.

– tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam ko‘rsatishda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan bemorlar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi;

-imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.

Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan quyidagilar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:

– jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;

– Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;

– voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarish qilayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb ko‘rsatilgan oilalar a’zolari.

2027 yil 1 yanvardan keyingi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ijtimoiy soliq to‘lovchilar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:

– 2024 yil yakuniga qadar «Elektron poliklinika» va «Elektron shifoxona» axborot tizimlari amaliyotga joriy etildi;

– davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi;

– tibbiyot muassasasi rahbariga muassasa quvvati doirasida bo‘linmalarning ixtisoslashuvini, ulardagi davolash o‘rinlari sonini o‘zgartirish va ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash kafolati beriladi;

– tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat normalari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi va 2025 yilning 1 iyulidan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi va shartlari joriy etiladi;

– ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart va protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.

2025 yil 1 aprelga qadar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan bemorlar ro‘yxati va bazaviy narxlari bemorlarni davolash yo‘nalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldi.

QR Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati