14-iyun — Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan Respublika qon quyish stansiyasida beg‘araz donorlik harakatini yanada rivojlantirish, aholi o‘rtasida qon topshirish madaniyatini keng targ‘ib qilish, qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyoj sezayotgan bemorlarni xavfsiz qon mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Mazkur tadbir “Bir tomchi insoniylik. Qon topshiring. Hayotni saqlab qoling!” shiori ostida o‘tkazilib, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat va ijtimoiy mas’uliyat kabi ezgu qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. Donorlik harakati minglab insonlarning hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etib, ayniqsa, murakkab operatsiyalar, og‘ir jarohatlar, onkologik kasalliklar, qon kasalliklari va favqulodda holatlarda bemorlar uchun beqiyos yordam hisoblanadi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi “Shifokorlar Assotsiatsiyasi” Qoraqalpog‘iston filiali, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika qon quyish stansiyasi, tibbiyot sohasi mutaxassislari, namunali beg‘araz donorlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar beg‘araz donorlikni rivojlantirish yo‘lidagi faollarni samimiy qutlab, bir necha yillar davomida qon topshirib kelayotgan beg‘araz donorlar va beg‘araz donorlikni rivojlantirish yo‘lidagi faollarni rag‘batlantirdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – jamiyatda beg‘araz donorlik g‘oyalarini ommalashtirish, yoshlarni donorlik harakatiga keng jalb qilish, aholi o‘rtasida qon topshirishning ahamiyati haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, shuningdek, o‘z insoniy burchini bajarib kelayotgan namunali donorlar va jamoat faollarini e’tirof etishdan iborat.

Tadbir madaniyat xodimlari tomonidan ijro etilgan qiziqarli konsert dasturlari bilan davom etdi.

Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir nafaqat donorlarga hurmat va e’tibor ifodasi, balki har bir fuqaroni inson hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shishga chorlaydigan muhim ijtimoiy tashabbusdir.

“Bir tomchi insoniylik — minglab qalblarga hayot ulashadi!”