Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Dastlab markazda matbuot anjumani o‘tkazilib, unda ishtirokchilarga ushbu markaz direktori G.Nazarimbetova tomonidan markazda amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, 2023 yilning 21 fevralidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha surunkali kasalligi va nogironligi bor 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy reabilitatsiya xizmati ko‘rsatib kelmoqda.
Markaz 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, to‘rtta bo‘limdan, xususan, har biri 30 o‘rinli travmatologiya, pulmonologiya, nevrologiya va kardiorevmatologiya bo‘limlaridan iborat.
Markazning asosiy vazifalaridan biri 18 yoshgacha bo‘lgan nogiron va bemor bolalarning yashash sharoitini yaxshilash, shu bilan birga, salomatligini tiklash (reabilitatsiya) orqali davolash, nogironlikning oldini olish, kasalliklar profilaktikasi va tibbiy reabilitatsiya bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashtirilgan yordamga ehtiyojni qondirishdan iborat. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida markazda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya, fizioterapiya bo‘limlari tashkil etilgan, tor soha mutaxassislaridan iborat otolaringolog, okulist, psixoterapevt, stomatologlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bugungi kunda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 676485 tani, shulardan nogironligi bo‘lgan bolalar soni 11683 tani va surunkali kasalligi bor bolalar soni 33527 ni tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida 2024 yil davomida nogironligi va surunkali kasalligi bor 3121 bola davolanib chiqqan.
Markazga 2024 yil davomida nogironligi va surunkali kasalligi bor 3121 nafar bola qabul qilingan. Ularning 528 nafari (16,9%) nogironligi bor va 2593 nafari (83,1%) surunkali kasalligi bor bolalar tashkil etgan.
Birlashmaning laboratoriya bo‘limi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, unda shifoxona bo‘limlarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlardan umumiy klinik (umumiy siydik tahlili, kaprologiya, tuxum qurt), gematologik (umumiy qon tahlili, qonning uyushishi, trombotsit miqdori), biokimyoviy tahlillar (mochevina, kreatinin, umumiy oqsil, glyukoza, ALT, AST, umumiy bilirubin, kalsiy, temir) olinib, tekshirish ishlari olib boriladi.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumining 2023-yil 10-noyabr kungi maxsus qaroriga muvofiq, markazni yangidan jihozlash uchun 2 milliard 270 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan markazning laboratoriya bo‘limiga 15 turdagi tibbiy apparatlar keltirildi. Xususan, EKG, UZI, raqamli rentgen, TMS, ENMG apparatlari, fizioterapiya bo‘limiga esa 3 turdagi apparat xarid qilinib, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va natijasi ancha yaxshilandi, – deydi markaz direktori G.Nazarimbetova.
Shuningdek, «Mehribon insonlar» jamg‘armasi jamoasi bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida Vashington shahridagi O‘zbek diasporasi tomonidan berilgan moliyaviy yordam tufayli markazning nevrologiya bo‘limining bolalar dam olish xonasi va LFK xonasi zamon talabiga mos jihozlar bilan ta’minlab berildi.
Bular shved devori, vertikalizatorlar, reabilitatsiya stuli, yurish jihozi, emizish uchun maxsus to‘plam, sensorli yurish yo‘lagi, yumshoq modullar to‘plami, velotrenajyor, fitbollar, yurishni tiklash trenajyori bolalar batuti va h.k.
Press-turda ishtirokchilar markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. EKG, raqamli rentgen apparati, UFO «Solnishko,» elektroforez Zinga, darsonval, elektroforez «Potok,» yorug‘lik vannasi, sollyuks, stomatologik qurilma, UZI, TMS, ENMG apparatlari o‘rnatilgan xonalarni ko‘zdan kechirib, u yerda davolanayotgan bolalar va ota-onalar bilan suhbatlashdi.
Men Kegeyli tumanidan qizimni davolatish uchun bu yerga yettinchi marta kelishim. Shifoxona shifokorlari va hamshiralari qizimga yaxshi qaramoqda. Hozir tok bilan davolash apparatiga tushiryapti. Qizimning ahvoli avvalgidan ancha yaxshilandi. Qo‘llari hech narsani sezmasdi. Hozir sezib harakat qilishga urinyapti. Men bundan juda xursandman, shifokorlardan minnatdorligim cheksiz, – deydi G.Ravajova.
Ma’lumot uchun ta’kidlash joizki, reja bo‘yicha markazda 1 oyda 252 bemor bola 3396 o‘rin kunlarida 13,6 kun davomida statsionar sharoitida davolanib chiqishi kerak bo‘lsa, 2024 yil davomida 3121 (104%) bemor bola 40354 (98,2%) o‘rin kunlarida 12,9 (94,9%) kun davomida statsionar sharoitida davolanib chiqqan.
Press-tur davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.