Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat Fondi tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, og’ir sharoitga tushgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida navbatdagi “Ezgulik manzili” ijtimoiy-tibbiy akciyasi o‘tkazildi. Unga Toshkentdagi etakchi klinika va markazlarning tajribali mutaxassislari jalb etilgan.
Nukus shahridagi Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan mazkur aktsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad Jamg’armaning tibbiy dasturlariga asosan og’ir tashhisli bemor bolalarni davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, ular salomatligini muntazam tiklab borish, pirovardida operatsiya qilinishiga zarurat bo‘lgan bemor bolalarda murakkab operaciya amaliyotlarini o‘tkazishdan iboratdir.
– Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan bu kabi akciyalar respublikamiz bo‘ylab muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yillar mobaynida o‘tkazilgan tibbiy akciyalar davomida qariyb 7000 dan ortiq bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ular shu erning o‘zida operaciya qilinib, reabilitaciya qilish chora-tadbirlari uyushgan tarzda respublika va mahalliy shifokorlar ishtirokida amalga oshirildi,-deydi Abdumalik Jalilov Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori.
Qoraqalpog’istonda bir hafta mobaynida o‘tkazilgan akciya davomida 740 ga yaqin bemor bolalar va ularning ota-onalari tashrif buyurishdi. Birinchi bosqichda barcha bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifokorlarning tavsiya va xulosalari asosida ayrim bolalarga shu erning o‘zida, 120 nafar bolada, jumladan 8 nafarida plastik, 20 nafarida oftalmologik, 21 nafarida urologik, 64 nafarida LOR va boshqa kasalliklar bo‘yicha operatsiya amaliyotlari va mahorat darslari o‘tkazildi.
-Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan Jamoat fondi tashkil etilganiga 3 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida respublikamizning ko‘pgina hududlaridan tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordamlari, operaciya xarajatlari to‘liq qoplab berildi. Bu erda o‘tkazilgan mazkur akciya doirasida ham Jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni operaciya qilish, balki ularni sog’lomlashtirish, zarur dori vositalari bilan ta’minlash kabi xarajatlar ham bepul amalga oshirildi,-deydi Visola Hamroeva Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bo‘lim boshlig’i. -Fond o‘tgan 3 yil mobaynida 10 mingdan ortiq bemor bolajonlarga tibbiy-ijtimoiy, psixologik va manzilli yordam ko‘rsatib keldi. 1700 dan ortiq bola respublikamiz hududida, 220 nafari xorijning nufuzli klinikalarida murakkab operaciya amaliyotini o‘tkazdi. 500 dan ortiq mahaorat darslari tashkil etildi. 360 nafar bolaga ta’lim olishi va kasb hunar o‘rganishi uchun moddiy ko‘mak berildi, o‘quv qurollari va adabiyotlari bilan ta’minlandi. Fond ilk marotaba orfan kasalliklariga chalingan bemor bolalarni davolash bo‘yicha yirik loyihaga tashabbus ko‘rsatdi. “Nomukammal osteogenez” xastaligi bilan chalingan bolalarni tibbiy davolash uchun zarur texnologik asbob-uskunalarni bepul olib berdi. Shu kungacha, ushbu dard bilan og’rib kelgan 110 nafar bolaga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Albatta, bu kabi ijtimoiy akciyalarning doimiy ravishda o‘tkazilayotganligi bemor bolajonlarni to‘liq davolash, ularni tengdoshlari kabi sog’lom hayotga qaytarish yo‘lidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi.