O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.R.Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Tibbiy sug’urta boshqarmasi boshlig’i Shuhrat Almardanov va Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi ijro etuvchi direktori birinchi o‘rinbosori Sh.Inoyatovlar tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi tibbiyot muassasalarida tibbiy sug’urta mexanizmlarini amalga oshirishda olib borilayotgan chora-tadbirlar, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, tibbiy xizmatlar sifati va ko‘lamini o‘rgandi.
O‘rganish natijasi yuzasidan Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligida videokonferentsaloqa shaklida o‘tkazilgan yig’ilishda hududdagi soha rahbarlari ishtirokida ayni shu masala atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tadbirda, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli barcha tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari joylardagi studiyalar orqali ishtirok etdi.
Bunda asosiy e’tibor kafolatlangan paketga kiritilgan 66 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar, sarflov materiallari, laborator tekshiruvlar uchun zarur bo‘lgan reaktivlar ta’minoti, diagnostik-tahlillar uchun kerakli bo‘lgan jihozlar bilan ta’minlanish holatiga qaratildi.
Aholining sog’lig’i bilan bog’liq ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, kasallik tarixini yuritish va tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish maqsadida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, tegishli dasturning ish faoliyati baholandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi davlat muassasasining Qoraqalpog’iston Respublikasi filialida “har bir davolangan holat” usulida Jamg’arma tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lsada, bemorlar davolanish jarayonida asossiz chiqimdor bo‘lganligi achinarlidir.
Nukus shahar tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan Markaziy laboratoriya xizmatining tashkillashtirish ishlari oxirigacha olib borilmaganligi, laboratoriya kurerlari RW qon namunalari uchun alohida termosumkalar bilan ta’minlanmaganligi tanqid qilindi.
Laboratoriya va OP orasida DMED elektron tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, laboratoriyaga olib kelingan taxlillar soni bilan elektron tizim o‘rtasida tafovut yuzaga kelishi oqibatida, taxlillar hisobini yuritishda noaniqlik keltirib chiqarganligi aytib o‘tildi.
Respublika ko‘p tamroqli tibbiyot markazida imtiyozli yo‘llanma bilan davolangan bemorlarning kasallik tarixi lozim darajada amalga oshirilmaganligi aniqlanganligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5-sentyabrdagi PQ-311-son qaroriga muvofiq, Reimbursatsiya dasturi 2025 yil 1 apreldan Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘yicha to‘liq joriy qilinib, bugungi kunga qadar jami 38 ta Farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan shartnomalar rasmiylashtirilgan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda Sog’liqni saqlash vazirligining maxsus buyrug’i tasdiqlanib, unga asosan 11 turdagi reimbursatsiya dasturi asosida bepul beriladigan dori vositalari soni 29 taga oshirilib berildi.
Biroq, aholini ushbu tizimga jalb qilinishi hamda ularning bepul dori vositalari bilan ta’minlanishida bir qator tibbiyot muassasalari tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda respublikadagi ijobiy holatlar ham ko‘rsatib o‘tildi.
Yig’ilishda keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
QR Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.