Hurmatli Prezidentimizning joriy yilning 19 may kuni «Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi.
Farmonga ko‘ra, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning zamonaviy, samarali va xalqchil tizimini joriy etish maqsadida sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Farmonda belgilangan asosiy maqsadlardan biri — xalqaro tajribalarga asoslangan holda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy etishdir.
Yangi tizimni joriy etishda oilaviy shifokorlar faoliyatini kengaytirish muhim o‘rin tutadi. Jumladan, tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari yuklamasini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilangan. Xususan, tibbiyot sohasini raqamlashtirish, qog‘ozbozlikni qisqartirish orqali shifokorlarning ortiqcha byurokratik ishlardan xoli bo‘lishi ta’minlanadi. Bunda ish yuklamasini taxminan 30 foizgacha kamaytirish nazarda tutilmoqda.
Farmonga asosan, 2025-yil 1-iyuldan boshlab belgilangan tuman va shaharlarda yangi model tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. 2026-yil 1-yanvardan esa ushbu tajriba Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida kengaytiriladi. Bu orqali yangi modelning samaradorligi amalda sinovdan o‘tkaziladi va kelgusida butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishiga zamin yaratiladi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari negizida yangi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. Bu tuzilmalar mahalliy darajada tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tizimli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va aholi ehtiyojlariga mos ravishda xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.