Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Axborot xizmati tomonidan Respublika bolalar stomatologiya poliklinikasiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Respublika bolalar stomatologiya poliklinikasi Nukus shahri va barcha tumanlardan davolanish uchun kelgan bolalarga stomatologik yordam ko‘rsatadi. Poliklinika bir kunda 250 nafar bolani qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, unda davolash bo‘limi, jarrohlik va boshqa xonalar mavjud. Poliklinikada Toshkent MPI Nukus filialining stomatologiya ishi fakultetining o‘quv bazasida talabalarga amaliy va nazariy darslar ham o‘tiladi.
Ta’kidlanganidek, tishning kasal bo‘lishidan asrash bolaligidan boshlanishi kerak. Respublika bolalar stomatologiya poliklinikasiga kelgan bemorlarning 50 foizi tish qattiq to‘qimalari kasalligi bilan, 21 foizi tishini oldirish uchun, 15 foizi og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati kasalligi bilan, 6 foizi yuz-jag‘ tish qatorlari anomaliyasi, 21 foizi boshqa kasalliklar bilan keladi.
Xo‘jalik hisobidagi bo‘limni tashkil etishdagi maqsad – bolalarga ko‘rsatilayotgan stomatologik xizmatni qo‘shimcha xarajat topish bilan takomillashtirish va poliklinikani zamonaviy zamonga mos rekonstruksiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar, stomatologik sarflash materiallari sotib olish, xodimlarning ish haqini qo‘shimcha byudjetdan tashqari topilgan xarajatlar hisobidan ko‘paytirishdir.
Ayni paytda poliklinikada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrdagi «Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ishlar olib borilmoqda.
Konferensiyadan so‘ng ishtirokchilar bo‘limlardagi bolalarni davolash uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Axborot xizmati





















