So‘nggi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiyot muassasalarini zamonaviy talablar asosida yangilash hamda shifokorlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma bankining imtiyozli qarz mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan «Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun» mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, OIV infeksiyasining oldini olish, unga tashxis qo‘yish va davolash sifatini yanada oshirish, aholi o‘rtasida OIV infeksiyasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovini oshirish, bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlash hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish belgilangan edi.
Mazkur Strategiyaga muvofiq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-2027 yillarda Davlat byudjeti mablag‘lari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablag‘lari hisobidan aholi o‘rtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxis qo‘yish va davolash sifatini oshirish maqsadida test-sistemalarini va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilish, OITSga qarshi kurashish markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, keng targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun mablag‘lar ajratildi.
Ana shu asosda markazning 1-qavati va yerto‘lasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati yanada oshirildi. Bugungi kunda markazda bemorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan – tozalikka, shinam muhitga va zamonaviy uskunalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa, albatta, ruhiy salomatlik va samarali davolanish uchun muhim omil hisoblanadi.
























