Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, viloyatlar Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan.

Shu asosda Buxoro viloyati ham o‘z tajribasi asosida Xo‘jayli tumanini yanada rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va aholi salomatligini yaxshilash maqsadida Buxoro viloyatidan malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Bugun Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev boshchiligidagi 30 nafar buxorolik shifokorlardan iborat ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yetib keldi.

Tashrifdan asosiy maqsad – Xo‘jayli tumanida mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda 50 ga yaqin yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi bolalar salomatligini tekshirish, shuningdek, mahalliy shifokorlarga amaliy ko‘nikmalar berishdan iborat.

Shuning uchun, barcha Xo‘jayli tumani aholisini shunday imkoniyatlardan foydalanib, bepul tibbiy ko‘riklardan o‘tishga chaqirib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, ushbu amaliy jarayonlar 13-20 noyabr oralig‘ida bo‘lib o‘tadi.