Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida tez tibbiy yordam xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv-simulyatsiya markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kotibiyati mudiri Bekbay Kalimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi vakillari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur o‘quv-simulyatsiya markazi Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi (KOFIH) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda shifoxonagacha shoshilinch tibbiy yordam xizmati tashabbuskorligini oshirish» bo‘yicha grant loyihasi doirasida tashkil etildi.

Ushbu grant loyihasining asosiy maqsadi shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda tibbiyot xodimlarining tashabbuskorligi va malakasini oshirish orqali O‘zbekistonda tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashdan iborat.

Loyihani amalga oshirish 2019 yilda boshlangan bo‘lib, 2023 yilda uning birinchi bosqichi yakunlandi hamda uning doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘quv-simulyatsiya markazlari tashkil etildi. Koreya tomonidan 2,8 mln. AQSH dollari ajratildi.

Bugun Nukus shahrida koreyalik hamkorlarimiz ko‘magida Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida o‘quv simulyatsiya markazi ochildi.

Ushbu o‘quv-simulyatsiya markazi tez tibbiy yordam xodimlarini (shifokorlar, feldsherlar va haydovchilar) bazaviy va kengaytirilgan reanimatsiya, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar reanimatsiyasi, pediatriya amaliyotida bazaviy reanimatsiya, shifoxonagacha bo‘lgan jarohatlar, kechiktirib bo‘lmaydigan tug‘ruq va boshqalar bo‘yicha o‘qitish uchun zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlangan. Shu bilan birga, olis hududlarda tez tibbiy yordam xodimlarini o‘qitish uchun mobil uskunalar mavjud.

Bugungi kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida 163 ta brigada, xususan, 10 ta reanimatsiya, 114 ta umumiy shifokor, 35 ta feldsherlik va 4 ta psixiatriya brigadalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Filial xodimlarining umumiy soni 3 560 nafar bo‘lib, shundan 945 nafari shifokorlar, 1 450 nafari o‘rta tibbiyot xodimlari, 760 nafari haydovchilardir.

Yangi tashkil etilgan o‘quv-simulyatsiya markazida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston filiali xodimlaridan 4 nafar instruktor Koreya Respublikasida tayyorlandi.

Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda tez tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida islohotlar olib borilmoqda, jarayonlar transformatsiya qilinmoqda. Xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, yangi bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish mamlakatimiz aholisiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filialida ham shunday o‘quv-simulyatsiya markazi ochilgan edi.