Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Nukus shahridagi Bolalar tibbiy reabilitatsiya markaziga media-tur tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholining salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarorining 1-bandiga asosan tashkil etildi. 2023 yil fevral oyidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha surunkali kasalligi va nogironligi bo‘lgan bolalarga tibbiy reabilitatsiya xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Markaz 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, har biri 30 o‘rinli bo‘lgan travmatologiya, pulmonologiya, nevrologiya va kardiorevmatologiya bo‘limlaridan iborat.
Markazning asosiy vazifalaridan biri 18 yoshgacha bo‘lgan nogiron va bemor bolalarning yashash sharoitini yaxshilash, shu bilan birga salomatligini tiklash (reabilitatsiya) orqali davolash, nogironlikning oldini olish, kasalliklarning profilaktikasi va tibbiy reabilitatsiya bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashtirilgan yordamga bo‘lgan ehtiyojni qondirishdan iborat.
O‘ziga biriktirilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida markazda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya, fizioterapiya bo‘limlari tashkil etilgan. Tor soha mutaxassislaridan otolaringolog, okulist, psixoterapevt, stomatologlar bilan ta’minlangan.
Markazda 20 shifokor, 62 hamshira, 55 kichik bo‘g‘in, 4 pedagog, 20 xo‘jalik mutaxassisi xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shifokorlardan 5 nafari oliy, 2 nafari birinchi va 3 nafari ikkinchi toifa mutaxassisligiga ega bo‘lib, malaka toifasi darajasi bo‘yicha 50 foizni tashkil etadi. O‘rta bo‘g‘in xodimlaridan 19 nafari oliy, 9 nafari birinchi va 5 nafari ikkinchi toifali malakaga ega.
Birlashmaning laboratoriya bo‘limi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, shifoxona bo‘limlarida statsionar sharoitida davolanayotgan bemorlardan umumiy klinik, gematologik va biokimyoviy tahlillari olinib, tekshiriladi. 2025 yil davomida laboratoriya bo‘limi tomonidan jami 54 ming 92 ta umumiy klinik, gematologik va biokimyoviy tahlillar bepul tekshiriladi.
Markazda o‘tgan yil davomida nogironligi va surunkali kasalligi bor 3 ming 138 nafar bola davolanib chiqqan. Ulardan 803 nafari nogironligi bor va 2 ming 335 nafari surunkali kasalligi bor bolalarni tashkil etgan. Barcha qulay sharoitlar yaratilgan va eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu markazda nogironligi aniqlangan bolalar yiliga 12-14 kundan ikki marta bepul davolanadi. Bolalar 5 mahal, ularning tarbiyachilari esa 3 mahal ovqat bilan ta’minlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori asosida 2024 yilda 2 milliard 275 million so‘mga TMS, ENMG, raqamli rentgen, UTT va EKG, 2025 yilda «Mehribon insonlar» jamg‘armasi tomonidan bolalar dam olish xonasi, davolash-jismoniy tarbiya xonasi, 2026 yilda suv muolaja xonalari zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Media -tur ishtirokchilari markazda davolanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
























