Hurmatli hamkasblar! Aziz yurtdoshlar!

Korrupsiya – davlat va jamiyat uchun katta xavf. Shu bois mamlakatimizda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimida ham bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurashish, turli byurokratik va inson omili bilan bog‘liq holatlarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, jamoatchilikning faol ishtirokisiz va vatandoshlarimiz ko‘magisiz bu maqsad va marralarga erishish, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to‘liq xalqchil tizimga aylantirish qiyin. Shu bois bu boradagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikda o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish bo‘yicha sizlarga murojaat qilmoqdaman!

Prezidentimiz 2025 yil 26 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida korrupsiya jamiyatda ishonch muhitini izdan chiqaradigan tahdid ekanini ta’kidlab, 2026 yilda unga qarshi kurashishda «favqulodda holat» e’lon qilinishini ma’lum qilgan edi.

Bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik, deb aytib, tizimdagi «kasalliklar»ga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, ularning davosini topishga birgalikda harakat qilishimiz zarur.

Lekin, afsuski, hanuzgacha sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiya, byurokratiya, tamagirlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi ayrim salbiy holatlar saqlanib qolmoqda. Bu esa tizimdagi islohotlar samaradorligiga putur yetkazib, xalqimizning tibbiyotga, fidoyi mutaxassislarimiz mehnatiga bo‘lgan ishonchini susaytirmoqda.

Ana shu holatlardan kelib chiqib, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Sohada ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, qisqa vaqt ichida bir qator elektron modullarni o‘zida jamlagan Yagona tibbiy axborot tizimi (DMED) yaratilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

O‘z navbatida, soha rahbar-kadrlari bugungi kun talablaridan kelib chiqib, zamonaviy menejment asoslari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Tibbiyot muassasalari buxgalterlarining moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Albatta, bu hali yetarli emas. Oldimizda o‘z yechimini kutayotgan muammolar, davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan talab va vazifalar ko‘p. Buni to‘liq amalga oshirish uchun barcha yurtdoshlarimiz birlashib kurashishi zarur.

O‘z qasamyodiga, kasbi va vazifasiga sodiq, halol, vijdoni pok Siz, aziz tibbiyot xodimlari bundan buyon ham tibbiyotni korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish yo‘lida bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.

Shu bilan birga, sohada korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda keng jamoatchilikning yordami va ishtiroki muhim, deb bilamiz.

Hurmatli fuqarolar!

Vazirlikning markaziy apparati, tuman birlashmalari, tizim tashkilotlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy harakatlariga guvoh bo‘lsangiz yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lsangiz, vazirlikning «1003» qisqa raqamli «Ishonch telefoni» hamda https://t.me/qrdsmbot rasmiy telegram boti orqali o‘z murojaatingizni yo‘llashingiz mumkin.

Shu o‘rinda, nafaqat korrupsiya holatlarini bartaraf etish, balki sohani yanada takomillashtirishda Sizning fikr-mulohaza va takliflaringiz biz uchun g‘oyat muhim ekanini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Har bir murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilib, zarur amaliy choralar ko‘rilishini ma’lum qilaman.

Murad Kurbanov

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Sog‘liqni saqlash vaziri