O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ixlos Polvonov Xo‘jayli tumanida sog‘liqni saqlash sohasining bugungi holati, o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
– Tumanimizda markaziy shifoxona, ko‘p tarmoqli poliklinika va uning 4 filiali, 3 oilaviy poliklinika, 6 oilaviy shifokorlik punktida hudud aholisiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, – deydi birlashma raisi I.Polvonov. – Tibbiyot xodimlarining vaqt bilan hisoblashmasdan, fidoyilik bilan mehnat qilishi natijasida, o‘tgan yili chaqaloqlar o‘limi kamayib, onalar o‘limi yuz bermadi. Tuman markaziy shifoxonasida 320 ta statsionar byudjet davolash o‘rinlari, bundan tashqari 58 ta pullik statsionar reabilitatsiya o‘rinlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hurmatli Prezidentimizning e’tibori bilan xalqimiz salomatligini mustahkamlash maqsadida, respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Xo‘jayli tumanida shu yilning 3-30 noyabr kunlari oralig‘ida «Salomatlik marafoni» tashkil etildi.
O‘tkazilgan marafon doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘riklar natijasida, tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi, uning 4 ta filialiga, 3 ta oilaviy poliklinika va 6 ta oilaviy shifokorlik punktiga 19573 nafar aholi murojaat qilib, 20986 ta qabul amalga oshirildi. Shu bilan birga, Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli davolash-profilaktika muassasalarining yetuk mutaxassislari Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasida 2-5 aprel va 16-20 noyabr kunlari tibbiy ko‘riklarni amalga oshirdi.
2025 yilda davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida, BMTning Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida «Toza baza» oilaviy shifokorlik punkti to‘liq rekonstruksiya qilindi. Loyihaning umumiy qiymati 74 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Ayni paytda Qulab, Sarichungil va Qumbiz mahallalarida yashovchi 6 mingdan ziyod aholiga tibbiyot xodimlari tomonidan sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
O‘tkazilgan tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, bugungi kunda keng jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan masalalarga javoblar oldi.





















