Ma
mlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari va amaliy seminarlar aholining tibbiy madaniyatini oshirishga, kasalliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 16 mart kuni «Sog‘lom ona va sog‘lom bola» shiori ostida profilaktik aksiya doirasida Toshkent shahrida o‘tkazilgan seminar doirasida respublika bo‘ylab keng qamrovli seminarlar tashkil etish belgilangan.
Bugun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi majlislar zalida mavzuga oid seminar tashkil etildi.
Unda tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlarining onalik va bolalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, katta hamshiralar, patronaj doyalar faol ishtirok etdi.
Seminar davomida onalik va bolalik salomatligini muhofaza qilish, homilador ayollar va bolalarni patronaj kuzatuviga olish, erta tashxis va profilaktika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, zamonaviy tibbiy yondashuvlar, amaliyotda qo‘llanilayotgan ilg‘or usullar va aholi bilan samarali muloqot olib borish ko‘nikmalari muhokama qilindi.
Mazkur seminar nafaqat tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, balki aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Chunki sog‘lom ona va sog‘lom bola – jamiyatning mustahkam poydevori, yurtimiz kelajagining ishonchli kafolatidir.
Shu bois bunday profilaktik tadbirlar va o‘quv seminarlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish va aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar yakunida, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishida olib borayotgan samarali faoliyati, fidokorona mehnati va profilaktik tadbirlarda faol ishtiroki uchun bir qator patronaj doyalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Tashakkurnoma» bilan taqdirlandi.

























