O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sohada yuz berayotgan voqealarni keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish maqsadida, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Respublika qon quyish stansiyasiga press-tur tashkil etildi.
– Stansiya 1971 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1993 yilda loyiha asosida qurilgan ikki qavatli binoda joylashgan, – deydi Respublika qon quyish stansiyasi bosh shifokori vazifasini bajaruvchi Gulzar Abdurahmonova. – Bugungi kunda bu yerda 21 nafar shifokor va 66 nafar hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda yuqorida nomi tilga olingan qonun va qarorlar asosida, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilib, sohaga yangi zamonaviy tibbiy texnologiya va uskunalar olib kelinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Qo‘shma Shtatlar Milliy yadro xavfsizligi boshqarmasi (NNSA), shuningdek, Radiatsiyaviy xavfsizlik byurosi (ORS) bilan birgalikda qonni qayta ishlashda avtomat nurlanish texnologiyalaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirildi.
Ushbu loyiha asosida Respublika qon quyish stansiyasiga 2022 yil mart oyida ikki yillik bepul texnik va kafolat xizmati bilan xorijiy davlatlardan (AQSH, Belarus davlatlari) qon hujayralarini rentgen-nurlantirish uchun 350 ming AQSH dollarilik Markaziy Osiyoda yagona RS3400 rentgen apparati o‘rnatilib, 40 000 dona nurlanish indikatorlari olib kelindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 avgustdagi «Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi o‘rtasida beg‘araz donorlik harakatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-348-sonli qarori asosida 2024 yil davomida markazlashgan holda 1 refrijerator sentrifuga, 1 PZR apparati, IXLA analizatori, 1 plazmoferez apparati va qon olish uchun 3 donorlik kreslolari bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, 2022-2023 yillarda 6 mlrd 300 mln. so‘mlik zarur tibbiy apparatlar, ya’ni plazmoferez apparatlari, mikserlar, IFA analizatorlari, gemoglobinometrlar, plazma separatorlari, -86oC sovutgichlar, muzlatgichlar, tez kontaktli shok apparati, har bir laboratoriya xonasiga konditsionerlar va boshqa tibbiy asbob-uskunalar olib kelinib to‘liq jihozlandi.
Shuningdek, Prezidentimizning ushbu qarori asosida bekatimizga ISUZU HC40 rusumli (mobil kompleks) avtobus olib kelindi. Unda tayyorlangan ushbu ko‘chma donorlik komplekslari maxsus karavot, muzlatkich, havoni tozalashga mo‘ljallangan antibakterial lampalar, konditsioner va yoritish uskunalari bilan to‘liq jihozlangan bo‘lib, unda bir vaqtning o‘zida 3 donordan qon olish imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda respublikamizdagi Oliy o‘quv yurtlari, barcha tashkilotlar, shahar va tumanlardagi muassasalarda donorlardan mobil guruh yordamida ko‘chma sharoitda qon olish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, hurmatli Prezidentimizning yuqorida nomi ko‘rsatilgan qarori asosida, aholiga ko‘rsatiladigan transfuziologik yordam sifatini yaxshilash maqsadida, shuningdek, favqulodda holatlarda zaruriyat uchun zaxira sifatida saqlash ishlarini davom ettirish uchun Respublika qon quyish stansiyasi hududida laboratoriya bo‘limlari uchun qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan.
Tadbirda jurnalistlar stansiya bo‘limlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, bugungi kunda keng jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan savollarga javoblar oldi.





















