
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Valiyev boshchiligidagi Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi Prezidentimizning 2026 yil 5 yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish borasida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1-son va «2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash borasidagi ishlarni o‘rganish maqsadida respublikamizning qator joylarida bo‘ldi.
Xususan, shtab a’zolari Nukus shahridagi Anasay mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 8-sonli oilaviy poliklinikada bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamiyat tinchligi uchun xavfli guruhga kiruvchi shaxslar, shu jumladan, spirtli ichimlik va giyohvandlikka berilganlarni profilaktik sog‘lomlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.




O‘rganishlar davomida shtab a’zolari poliklinikani Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazini psixiatr-mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlash, xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish, qo‘shimcha davolanish uchun o‘rinlar sonini ko‘paytirish, xavf guruhiga kiradigan, lekin «D» hisobga olinmay qolgan shaxslarni aniqlash va sog‘lomlashtirish, migratsiyadan kelganlarni aniqlash va to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha vazirlik rahbarlariga topshiriqlar berdi.
Shuningdek, mahallalarda tibbiyot brigadalari kesimida ishlarni namunali amalga oshirib kelayotgan bir guruh tibbiyot hamshiralarini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
















