O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»da jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini ko‘paytirish, sog‘liqni saqlash tashkilotlari xodimlarini sport tadbirlariga keng qamrab olish, ular o‘rtasida musobaqalar tashkil etish, xodimlarning jismoniy faolligini oshirish belgilangan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qarorga asosan, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi xodimlar o‘rtasida «Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot» shiori ostida Kasaba uyushmasi kubogi sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Sport musobaqalari Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabi, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Yoshlar markazida tashkil etildi.
Unda sog‘liqni saqlash xodimlari mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi hamda voleybol turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
O‘ta qiziqarli o‘tgan sport musobaqalari tajribali hakamlar tomonidan baholanib, har bir sport turidan g‘oliblar va umumjamoa hisobida g‘olib chiqqanlar aniqlandi.
Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan Qo‘ng‘irot tumani jamoasiga «O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi» va 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Shuningdek, g‘olib bo‘lgan jamoalarga hamda turli nominatsiya egalariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan diplom va sovg‘alar topshirildi.


























