Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori texnologiyali tibbiy xizmatni rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi.

U. Xalmuratov nomidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali xirurg shifokorlar va hududiy mutaxassislar hamkorligida ilk bor kam invaziv laparoskopik usulda Ivor Lewis esophagectomy (Lyuis operatsiyasi) amaliyoti bajarildi.

Mazkur yuqori texnologik jarrohlik usuli qizilo‘ngachning og‘ir kasalliklari, jumladan, onkologik kasalliklarni davolashda qo‘llanadi. Operatsiya ikki bosqichda — laparoskopik (qorin bo‘shlig‘i orqali) va torakoskopik (ko‘krak qafasi orqali) usulda amalga oshirildi.

Ilk operatsiya 73 yoshli ayol bemorda amalga oshirildi.

Kam invaziv yondashuvning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
•Minimal jarrohlik kesmalari
•Operatsiyadan keyingi og‘riqning kamayishi
•Bemorlarning tezroq tiklanishi
•Asoratlar xavfining pasayishi

Tadbir doirasida Toshkentdan kelgan yuqori malakali mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, hududiy shifokorlar uchun amaliy o‘quv jarayonlarini ham tashkil etmoqda. Bu esa joylarda tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda yuqori texnologiyali operatsiyalarni hududlarda joriy etishga xizmat qiladi.

Bunday amaliyotlarning hududlarda yo‘lga qo‘yilishi “bemorlarning olisini yaqin qilish”, ya’ni ularni poytaxtga borish zaruratini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Оperatsiyaning barcha xarajatlari tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan qoplab berildi.

Markaz rahbariyati kelgusida ham zamonaviy, kam invaziv texnologiyalarni keng joriy etish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishni rejalashtirmoqda.