Nukus shahridagi 27-kichik tuman hududida joylashgan ko‘p qavatli binolardan birida «KARIMOV» klinikasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbanov, sog‘liqni saqlash sohasining mas’ul mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, hudud aholisi ishtirok etdi.

Unda ta’kidlanganidek, bugungi kunda odamlar farmatsevtika biznesining qurboni va nishoni bo‘lmasligi uchun tibbiyotning neyrokineziologiya yo‘nalishi hayotimizga kirib kelmoqda va bu bo‘yicha mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Xalq tabobatiga yaqin bu sohadan bemorlar ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lsa dardlariga davo topib, dorisiz davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kineziologiya – bu lotin tilidagi so‘z bo‘lib, bizningcha «harakat» degan ma’noni beradi. Yaqin yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasiga ham bu soha kirib kelmoqda.

Odamlarning reabilitatsiya holatini, tanasidagi harakatlarni yoki neyrodinamikasini o‘z holatiga qaytarish uchun tez ta’sir kuchini ko‘rsatadigan, ya’ni, odam uzoq vaqtlar davomida davolanmasdan, tez orada harakatlanishini qayta tiklab berishini o‘rgatadigan fan hisoblanadi.

– Bu usul birinchi marta 963- 964-yillarda Amerikada rivojlana boshlagan. So‘ngra Yevropa mamlakatlarida, Rossiyada rivojlangan. Portugaliyaning Portu shahridagi tibbiyot universiteti va Germaniyaning Hannover shahridagi neyrokineziologiya universitetida ham bu soha bo‘yicha ishlarimizni rivojlantiryapmiz. Yillar davomida surunkali bo‘lib kelgan bemorlarni tez vaqt ichida davolash bizning asosiy vazifamiz. Klinikamizda malakali mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalarda har tomonlama sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Hozircha filialda o‘zimiz tayyorlagan shogirdlar ish olib boradi. Lekin keyinchalik bu yerda ham mahalliy mutaxassislarni tayyorlab chiqarib, ish o‘rinlari yaratish maqsadimiz bor, – deydi «KARIMOV» klinikasining asoschisi, neyrokineziolog shifokor S.Karimov.

Tadbirda ishtirokchilar klinikadagi sharoitlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati