Koreya Xalqaro sog‘liqni saqlash fondi (KOFIH) ta’sischiligida joriy yilning 16-20 fevral kunlari Yonsey universiteti vakillaridan tuzilgan delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu delegatsiya a’zolari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida uchrashuv tashkil etildi.

Ushbu tadbir Sog‘liqni saqlash vazirligi va KOFIH o‘rtasidagi 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida shifoxonagacha bo‘lgan shoshilinch tibbiy yordam salohiyatini mustahkamlash loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Maqsad – tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni baholash va shoshilinch tibbiy yordam tizimini rivojlantirish bo‘yicha konsalting loyihasini boshlashga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat.

Uchrashuvda ushbu masalalar muhokama qilinib, amaliy ko‘mak berish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali va Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston filialida bo‘lib, sharoitlar bilan tanishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati