Media-tur: Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida psixiatriya xizmati bo‘yicha media-tur tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi OAV vakillari, tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazilib, unda filial direktori o‘rinbosari Zuhra Madreymova filial tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish davlat dasturining ijrosi davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 19 iyundagi «Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-196-son qaroriga muvofiq ruhiy kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish va davolashni yanada takomillashtirish, respublika psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, faoliyat samaradorligini oshirish hamda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini ko‘rsatishning yagona tashkiliy-uslubiy vertikal boshqaruv tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining maxsus buyrug‘iga asosan 1-sonli Respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanserining nomi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining nomiga o‘zgartirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga psixiatrik xizmat ko‘rsatish Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali (Nukus shahri), 2-sonli Respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri (Ellikqal’a tumani) va tuman tibbiyot birlashmalari psixiatriya kabineti shifokorlariga yuklatilgan.
Filialda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan pullik xizmatni tashkil etish to‘g‘risidagi 2019-yil 3-dekabr kungi 293-sonli buyrug‘ining 3-ilovasi 3-qismi 7 va 11-bandlariga asosan byudjetdan tashqari fond hisobidan 10 o‘rinli pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish «Reabilitatsiya» bo‘limi tashkil etildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida psixiatriya xizmati bo‘yicha jami ruhiy bemorlarni davolashga ixtisoslashgan 370 o‘rin mavjud, shundan 50 o‘rin chegara holatlari bo‘limi, 60 o‘rin o‘tkir psixotik holatlar bo‘limi (erkaklar), 60 o‘rin o‘tkir psixotik holatlar bo‘limi (ayollar), 50 o‘rin kattalar psixiatriyasi (gerontologiya) bo‘limi, 50 o‘rin psixosotsial reabilitatsiya bo‘limi, 50 o‘rin bolalar va o‘smirlar psixiatriyasi bo‘limi, 40 o‘rin umumiy tipdagi majburiy davolanishga ega kattalar psixiatriyasi bo‘limi, 10 o‘rin reabilitatsiya bo‘limi (to‘lovli), shundan dispanser bo‘limi 75 qatnovga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PQ-196 sonli qarorining ijrosi bo‘yicha «Ixtisoslashtirilmagan sog‘liqni saqlash muassasalarida ruhiy holat buzilishlari va nevrologik buzilishlar, shuningdek psixoaktiv moddalarni qabul qilish bilan bog‘liq buzilishlarda yordam ko‘rsatish» mavzusida seminar treninglar tashkil etildi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 684 oilaviy shifokorlar 2025-yil fevral oyi yakuni bilan to‘liq o‘qitildi va sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 19 iyundagi PQ-196-sonli qarori ijrosi bo‘yicha filialimizga 2025 yil yanvar oyida EEG apparati bilan ta’minlandi.
2024 yil avgust oyida «ochiq byudjet» hisobidan «qorovul posti» qurilishi uchun 900.000.000 so‘m mablag‘ yutib olindi va «OOO Profil Taxiatosh» firmasi tomonidan qurilish ishlari olib borildi va 2025 yil mart oyida topshirildi.
Media-tur davomida ishtirokchilar filialda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.