Qoraqalpog‘iston yosh tomoshabinlar teatrida 12 may – «Xalqaro hamshiralar kuni» bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, O‘zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda bayram tadbiri o‘tkazildi.
Bayram tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari G.Abdisametova, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi L.Baybosinova, O‘zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari R.Mishenovalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi» hamda soha muassasalarida faoliyat yuritayotgan hamshiralarning 7-10 yosh oralig‘idagi farzandlari ishtirokida o‘tkazilgan «Mening onam hamshira» rasm chizish tanlovlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashining hamkorlikdagi tegishli darajadagi diplomlari hamda Kengash tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga bir qator o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga «O‘z kasbining fidoyisi» va «Ardoqli ustoz» ko‘krak nishonlari, shuningdek «Patronaj akusherka – ayol salomatligi tayanchi» ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Hamshiralar Assotsiatsiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limining birgalikdagi diplom va sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbirlari san’at sohasi xodimlarining ko‘tarinki konsert dasturi bilan davom ettirildi.