Prezidentimiz raisligida 2025 yil 7 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar hamda «Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus buyrug‘iga asosan qator vazifalar belgilandi.

Farmonga ko‘ra, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning zamonaviy, samarali va xalqchil tizimini joriy etish maqsadida sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Farmonda belgilangan asosiy maqsadlardan biri – xalqaro tajribalarga asoslangan holda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy etishdir.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari negizida yangi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.  Bu tuzilmalar mahalliy darajada tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tizimli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va aholi talabiga mos ravishda xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus «Ishchi guruhi» tajriba-sinov loyihasi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

hududlarda loyihani amalga oshirish jarayonida xodimlar va boshqa tashkiliy masalalar bilan bog‘liq muammolarni hal etishda,

tajriba-sinov hududlarida amalga oshiriladigan ishlarning mazmun-mohiyati haqida tibbiyot xodimlari va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishda,

yangi tizimni joriy etishda tibbiyot muassasasi rahbarlari va xodimlariga zarur amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida tajriba-sinov loyihasi doirasida Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus «Ishchi guruhi» va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli mutaxassislari Chimboy tumanida o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.