Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo, To‘rtko‘l tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari tomonidan, sohadagi qarorlar ijrosini ta’minlash va grant dasturlarini o‘rganish orqali tibbiyotga yangi loyihalarni olib kirish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Tashqi beg‘araz yordam mablag‘larini (grantlarni) jalb qilish va donorlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi N.Abipov, Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari D.Karimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni rivojlantirish sektori bosh mutaxassisi Z.Palwaniyazova, O‘zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i R.Mishenova va tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Seminarni tuman hokimining o‘rinbosari D.Karimov ochib berdi va bugungi kunda ijtimoiy sohada xorijiy grantlarning ahamiyati bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi.

Seminarning asosiy maqsadi ishtirokchilarga xalqaro grantlarni izlash va tashkil etish, grantlar uchun buyurtmalar tayyorlash va topshirish, grant loyihalarini muvofiqlashtirish va boshqarish, moliya, hisob-kitob va grantlar bo‘yicha hisobot topshirish, grant loyihalarining samaradorligini monitoring qilish va baholash, xalqaro donorlar va hamkorlar bilan o‘zaro muloqot masalalari bo‘yicha tushunchalar berishdan iborat.

Shuningdek, Germaniya davlatidan Beata Berry xonim onlayn seminarda ishtirok etib xorijiy tibbiyot muassasalariga o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va chet tilini o‘rgatish hamda ishga jalb qilish bo‘yicha keng tushunchalar berdi.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.