Eng avvalo Osiyo taraqqiyot bankining xalqaro ekspertlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir M.Qurbonov bilan uchrashdi.

Asosan uchrashuvda ekspertlar bilan yanada hamkorlikni mustahkamlash natijasida aholiga qulayliklar yaratish maqsadida, ayrim kasalliklarni erta bosqichda aniqlashda zarur tibbiy asbob-uskunalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Bundan so‘ng, ekspertlar respublikamizdagi bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur tibbiyot muassasalarida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan berilgan imtiyozli kreditlar asosida xarid qilingan zamonaviy tibbiy uskunalar – UZI (ultratovush diagnostikasi) apparatlari, EKG (elektrokardiografik tekshiruv) uskunalari, stomatologik jihozlar va boshqa tibbiy asbob-uskunalarning holati, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarda ulardan foydalanish darajasi bilan tanishdi.

O‘rganish davomida xalqaro mutaxassislar ushbu uskunalar aholi uchun qulaylik yaratayotgani, kasalliklarni erta aniqlashda va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Poliklinikalarda yuqori malakali mutaxassislar tomonidan ushbu uskunalardan samarali foydalanilayotgani, aholining tibbiy xizmatga bo‘lgan ishonchi ortib borayotgani qayd etildi.