Bugun biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi kutubxonasi 1977-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, ayni paytda bu kutubxona ma’rifat va tarbiya o‘chog‘i, nuroniylar va yoshlarning salomatligini mustahkamlaydigan, faol muloqotlar olib boradigan maskanga aylanib qoldi.
Bu yerga nafaqat tibbiyot sohasi vakillari, balki talaba yoshlar ham o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, mazmunli dam olib, vaqtini maroqli o‘tkazishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Kutubxonada hozirgi vaqtda 10 000 dan ortiq kitoblar va 5000 dan ortiq kitoblarning elektron varianti mavjud.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev: «Kitob o‘qimagan insonning ham, millatning ham kelajagi yo‘q» deganlaridek, albatta kitob o‘qish orqali ma’naviy ongimiz, tafakkurimiz, nutq madaniyatimiz, jamiyatga bo‘lgan qarashimiz o‘sadi.
– Tibbiyot sohasida ko‘plab yoshlar qatorida nuroniylarimiz ham bor. Ular o‘zlarining ko‘p yillik mehnati bilan xalqimizga xizmat qilib kelgan. Mana shu nuroniylarimiz bilan kutubxonamizda muntazam ravishda «Uch avlod uchrashuvi,» «Yoshlar va nuroniylar» mavzuidagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Albatta, bu uchrashuvlar kitobxon yoshlarning tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishini, kitobga bo‘lgan mehrini yanada uyg‘otadi, – deydi kutubxona mudiri Minayim Bekbayeva.
Ushbu kutubxonani telegram tarmog‘ida https://t.me/med_libra havolasi orqali kuzatib borishingiz mumkin.
Bobur Hamroqulov, Og‘abek Bozorboyev
QQDU Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti,
Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar guruhi 1-kurs talabalari




















