Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialida sun’iy qon aylanish apparati (AIQ) yordamida murakkab kardioxirurgik operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu o‘tkazilgan yuqori texnologik operatsiya tibbiyot rivojida muhim voqea bo‘ldi.

Orttirilgan yurak yetishmovchiligi, bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni tashxisi qo‘yilgan bemorlarga operatsiyalar o‘tkazildi. RSHTYOIM kardioxirurglari va mahalliy kardioxirurg shifokorlari tomonidan bo‘lmachalararo to‘siq plastikasi amalga oshirildi – bu operatsiya yurak faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, qon aylanish funksiyalarini sun’iy qon aylanish apparatiga to‘liq o‘tkazishni talab etadi.

Ushbu texnologiya tufayli jarrohlik brigadasi yuqori aniqlikda yurak devorining anatomik butunligini tiklash, o‘pka gipertenziyasi yoki yurak yetishmovchiligi kabi keyingi asoratlarning oldini olish imkoniga ega bo‘ldi.

Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Bemorlar reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida mutaxassislar nazoratida. Ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

Filial direktori S.Begaliyev: «Bunday operatsiyalarning samarali amalga oshirilishiga xodimlarni kompleks tayyorlash, ilg‘or metodikalarni joriy etish va operatsion blokni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash orqali erishildi. Bu Qoraqalpog‘iston aholisiga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda yangi imkoniyatlarni beradi» deb ta’kidladi.