Mamlakatimizda ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash bo‘yicha Skrining ishlari yanada takomillashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 noyabrdagi «Ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorda xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, davolash sohasini takomillashtirish, skrining tekshiruvlarini samarali tashkil etish, zamonaviy skrining usullarini amaliyotga keng joriy etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, mutaxassislarning bilimini oshirish va ko‘nikmalarini takomillashtirish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga 30-40-50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi, odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) tekshiruvi orqali aniqlash maqsadida tahlil qilish va olingan tahlillarni Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida tashkil etilgan markaziy laboratoriyaga yuborish vazifasi topshirilgan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan topshiriqlarni bajarish maqsadida Nukus shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikaning «Onko-nazorat» xonasida 30-65 yoshdagi ayollarning «Skrining-reestr dasturi» yaratildi va PZR tekshiruvidan o‘tkazish rejalashtirilgan 2684 ayoldan tahlil olish boshlandi.

Bunda, «manfiy» natija chiqqan ayollar 10 yildan so‘ng qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi, «musbat» natija tasdiqlangan ayollar esa qo‘shimcha tekshiruvga yuboriladi.

Ayol-qizlarning salomatligi o‘z qo‘lida ekan, ayol-qizlarni Skrining tekshiruvdan o‘tishga taklif qilib qolamiz.