Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Filial 300 o‘rindan iborat bo‘lib, aholiga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadi. Unda 150 nafarga yaqin malakali shifokorlar, 400 nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimlari bemorlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va shifokorlarni zarur tor soha mutaxassisligiga qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bunda jarroh, neyrojarroh, travmatolog, terapevt mutaxassisliklari bo‘yicha klinik ordinatura o‘quv dasturi ochilgan.
Filial 2025 yildan boshlab Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmi bo‘yicha moliyalashtirishga o‘tgan.
2024 yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 4 qavatli yangi bino qurib bitkazilib foydalanishga topshirildi. Yangi bino jami 130 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda alohida qabulxona (triaj tizimida), 60 o‘rinli jarrohlik, 25 o‘rinli neyrojarrohlik, 25 o‘rinli travmatologiya, 20 o‘rinli ginekologiya, shuningdek, 7 ta zamonaviy jarrohlik xonasi, klinik-biokimyoviy laboratoriya, markaziy sterilizatsiya punkti va qon banki bo‘limlari aholiga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda filialning moddiy-texnik bazasi yetarli darajada mustahkamlangan. Filial yangi angiografiya, AIK, MSKT, Xolter, raqamli rentgen, FGDS, laparaskop, UTT, gemodializ va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, bemorlarga sifatli shoshilinch tibbiy yordam va kam invaziv, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yetarli sharoitlar yaratildi. Filialni og‘ir ahvoldagi bemorlarga uzluksiz kislorod bilan ta’minlash maqsadida Kislorod stansiyalari bilan ham ta’minlandi.
Angiografiya uskunasida zamonaviy diagnostika amaliyoti – koronografiya va yurak ishemik kasalliklarida stentlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Filialda 2024 yildan boshlab ochiq usulda kardiojarrohlik amaliyotlari bajarilayotgan yurakda aorto-koronar shuntlash operatsiyasi bajarilib kelinmoqda.
Urologik bemorlarga zamonaviy endourologik jarrohlik amaliyotlari (tranuretral intraoptik ureterolitotripsiya, perkutant nefrostomiya, perkutant nefrolitotripsiya, siydik nayini stentlash) yo‘lga qo‘yildi.
Bemorlarga filialda kam invazivli laparoskopik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish so‘nggi yillarda ko‘paygan. (2023-yil – 954, 2024-yil – 1350).
Filial markazlashgan holda zamonaviy telemeditsina uskunalari bilan jihozlangan. Filialda og‘ir va davolash-diagnostika jarayonlarida murakkab muolajalarni talab qiladigan bemorlarga Toshkent shahar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining malakali mutaxassislari bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman tibbiyot birlashmalaridagi og‘ir bemorlarga filial malakali mutaxassislari bilan telemeditsina dasturida real vaqt rejimida onlayn-maslahatlashuv amaliyoti joriy etilgan.
Press-tur davomida ishtirokchilar filialda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, qiziqtirgan savollariga javob oldi.




















