Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialidagi simulyatsion o‘quv markazida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mahorat darsida reanimatolog va jarrohlik yo‘nalishidagi tajribali shifokorlar ishtirok etdi. Ular klinik ordinatorlar uchun yurak-o‘pka reanimatsiyasi, xavfli vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish, zamonaviy tibbiy uskunalarni samarali qo‘llash kabi masalalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Simulyatsiya markazining yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan muhitida ishtirokchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Zamonaviy simulyatorlar orqali hayot uchun xavfli vaziyatlarda qanday harakat qilish, bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va shoshilinch reanimatsiya jarayonlari amalda ko‘rsatildi.
Klinik ordinatorlar master-klass davomida nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliyotga yaqinlashgan muhitda real vaziyatlar orqali tajriba almashadi. Bu esa ularning kelgusi kasbiy faoliyatida tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
O‘quv davomida, yurak-o‘pka reanimatsiyasining barcha bosqichlari to‘liq ko‘rsatildi, simulyatorlar orqali bemorning holatiga tezkor va to‘g‘ri yondashildi hamda real tibbiy jihozlar yordamida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish usullari o‘rgatildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yosh mutaxassislarning amaliyotga yaqin ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni real tibbiy vaziyatlarga tayyorlash va jamoaviy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Bunday tadbirlar orqali yosh mutaxassislar nafaqat bilimli, balki tajribali amaliyotchi bo‘lishi uchun ham muhim qadam tashlaydi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.