Nukus tumani «Dehqon ariq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Dehqon ariq oilaviy shifokorlik punktining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Z.Zaytov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbonov, tuman prokurori P.Xalmuratov, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining qishloq joylarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi G.Japaqova, tibbiyot xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbonov va boshqalar so‘zga chiqib, yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada muhtaram Prezidentimizning bevosita rahbarligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu asosda xalqimiz salomatligini yaxshilash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyati tubdan takomillashtirilib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shifokorlik punkti kuniga 50 nafar bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, binoda laboratoriya, emlash va davolash xonasi, aftoklav xonalari fuqarolar uchun xizmat qiladi. Tadbir davomida mehmonlar binoning ichki imkoniyatlari bilan tanishib, qulayliklarini yuqori baholadi.
Mazkur bino OPEK xalqaro taraqqiyot fondi ishtirokida «Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror asosida 3 mlrd.40 mln so‘mlik mablag‘ ajratilib, qurib bitkazildi.