Sog‘liqni saqlash sohasida birlamchi tibbiy xizmat alohida o‘rin tutadi. Mahalladagi oilaviy poliklinikalar, ulardagi patronaj xizmatlari va profilaktik ko‘riklar – bularning barchasi kasalliklarni erta aniqlash, oldini olish va davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Respublika miqyosida hududlarda fuqarolarga tibbiy ko‘riklar o‘tkazilayotganligi haqida xabar bergan edik.

Navbatdagi tadbir Nukus shahri 4-sonli oilaviy poliklinikasi tomonidan «Qizilqum» mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi.

Tibbiy ko‘rik davomida fuqarolarda aniqlangan kasalliklariga qarab, ularga ambulator va statsionar davolanishlari uchun maslahatlar, yo‘llanmalar berildi.

Shuningdek, fuqarolarga to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va tibbiy sug‘urta bo‘yicha tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan ma’lumotlar berildi.