Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan amalga oshirilgan va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi OAV vakillari, tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Matkarimova Alima Abuovna, markaz tomonidan amalga oshirilgan va kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot berdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish davlat dasturini bajarish davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘limlar soni 7 tani, o‘rinlar soni 235 tani tashkil etadi.
Markaz faoliyati ko‘lami kengaytirilib, yangi laboratoriya tekshiruv usullari, amaliyotga yuqori texnologik davolash va diagnostika usullari joriy etildi.
Markazda chaqaloqlar jarrohligi profili bo‘yicha tug‘ma nuqsonlar bilan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga operatsiyalar qilish yo‘lga qo‘yilib, bolalarga yuqori texnologik operatsiyalar qilinib, ularning hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Markazning laboratoriya bo‘limi yangi IXLA va avtomat biokimyoviy uskunalar, jarrohlik mikroskopi, LOR sohasida endoskop apparati bilan ta’minlanib, yuz-jag‘ jarrohligi rivojlanib, urologik, rekonstruktiv plastik jarrohlik operatsiyalari yo‘lga qo‘yilgan, reanimatsiya bo‘limlari yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga reanimatsiya va anesteziologik xizmat ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyotlari bajarish yo‘lga qo‘yildi.
Markaz shifokorlari va hamshiralari o‘z malakasini Toshkent shahrida va xorijiy davlatlarning ilg‘or tibbiyot klinikalarida oshirib kelmoqda.
Markazning rivojlanishi uning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi va barcha bo‘limlarning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi, yuqori malakali ilmiy kadrlar – pediatr, bolalar xirurglari, klinik ordinatorlar va shifokorlarni tayyorlash bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Markaz mutaxassislari xalqaro ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Keyingi o‘n yilliklarda markaz mutaxassislari Rossiya, Germaniya, Belarus, Turkiya, Kuvayt, Hindiston, Koreya, Xitoy va boshqa davlatlarning yetakchi mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Telemeditsinaning rivojlanishi ham tibbiyotning yangi qo‘lga kiritgan yutuqlaridan biridir.
Konferensiya davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
QR Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati