Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy tajribani yurtimizga olib kirish bo‘yicha qator ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunday amaliy chora-tadbirlarni yanada davom ettirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tibbiyot tizimida 2025-yil uchun eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli tibbiyot muassasalarining xorijda malaka oshirishini tashkil etish belgilangan.
Ayni paytda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokor o‘rinbosari A.Nazarbayeva, markazning tashkiliy-uslubiy bo‘lim boshlig‘i R.Kudryakovlar Belarus Respublikasi Minsk shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
– Bu yerda biz har kuni davolash-profilaktika muassasalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishib, tajribali shifokorlar va boshqa mutaxassislar bilan fikr almashib turibmiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori o‘rinbosari A.Nazarbayeva. – Shunday ekan, bunday xizmat safarlari bir tomondan xorijiy hamkasblarimiz bilan tajriba almashish bo‘lsa, ikkinchi tomondan tibbiyot turizmining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Albatta, rivojlangan tibbiyot bor joyda, bemorlar uchun ham har tomonlama imkoniyatlar yaratiladi. Mamlakatimizda tibbiyot qancha rivojlansa, fuqarolar uchun qulayliklar bo‘ladi.