Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ftiziatriya sanatoriyasida press-tur tashkil etildi.

  Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ftiziatriya sanatoriyasi 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan silning faol va so‘nuvchi shakllari bilan kasallangan bolalarga mo‘ljallangan. Bolalarning davolanish muddati kasallikning tashxisi va fazalariga bog‘liq bo‘ladi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024-yillarda aholining salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida»gi PQ-310-sonli qaroriga muvofiq Xo‘jayli tumanida 80 o‘rinli Bolalar ftiziatriya sanatoriyasi tashkil etildi.

Shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida o‘tkazilib, zarur dori-darmonlar va kerakli muolajalar tashxis asosida o‘z vaqtida to‘liq amalga oshiriladi. Qo‘shimcha kasalliklarni davolashda vitaminlar, zarur bo‘lganda antibiotiklar va fizioterapiya, LFK buyuriladi. Bundan tashqari rentgen, laboratoriya, stomatologiya xonalari bor.

Sanatoriyada bolalarning ovqatlanishi 5 mahal. Bo‘lim shifokorlarining ko‘rsatmalari bo‘yicha 11-sonli stol qo‘llaniladi. Menyu talablari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1993 yilgi 122-sonli buyrug‘i asosida tuziladi. Har chorakda tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan oziq-ovqatlarning kaloriya, kimyoviy tarkibi tekshirib boriladi.

Sanatoriyga davolanish uchun bolalar Respublika ftiziatriya va pulmonologiya markazi, tuman va shahar silga qarshi dispanserlari, kabinetlar shifokorlarining yo‘llanmasi bilan keladi.

Sanatoriyda 2024 yil davomida jami 514 bola, 2025 yilning 8 oyida 443 bola sog‘lomlashtirildi.

Bolalar uchun har bir qavatda hojatxona, yuvinish, yechinish va dush qabul qilish xonalari, qizlar uchun gigiyena xonalari mavjud. Bolalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida dam olishi uchun har bir qavatda televizorlar, muzlatgichlar ishlab turibdi. «Mehribon insonlar» jamg‘armasi tomonidan bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun dam olish va o‘ynash uchun xona tashkil etib berildi.

Sanatoriyda davolash bilan bir qatorda bolalarga umumiy ta’lim ham yo‘lga qo‘yilgan. Maktabda 1-sinfdan 11-sinfgacha barcha fanlar bo‘yicha kabinetlar jihozlangan. Jami 24 nafar o‘qituvchi va 4 nafar tarbiyachi faoliyat olib boradi. Barcha darslar va o‘quv jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan dastur va rejalar asosida olib boriladi. Bolalarning o‘qish va darsdan bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish maqsadida turli fan to‘garaklari bilan hamkorlikda badiiy-havaskorlik to‘garagi faoliyat yuritadi.

Bolalar sanatoriyda o‘tkaziladigan barcha bayram konsert dasturlarida faol ishtirok etadi. Dam olish vaqtlari shahar bo‘ylab ekskursiya va teatrlarga olib boriladi.

Press-tur davomida ishtirokchilar filialda shifokorlar faoliyati va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.