Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filialida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Konferensiyada mazkur filial direktori Mels Qutlimuratov tomonidan filial tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalari haqida keng ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, filial tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish davlat dasturini bajarish davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2020-yil 6-noyabrda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 88-sonli bayoni 27-bandida berilgan topshiriqlar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 15-dekabrdagi 338-sonli «Hududiy sog‘liqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi buyrug‘i 6-bandiga asosan «Orolbo‘yi aholisining yurak qon-tomir kasalliklarini sog‘lomlashtirish markazi» Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali etib qayta tashkil etildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali 1985-yilda ochilgan bo‘lib, asosiy maqsadi va vazifasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan kardiologik yordam ko‘rsatish, yuqori texnologik tekshiruv va davolash xizmatini ko‘rsatish hisoblanadi.

Filialda jami 135 o‘rinli bo‘lib, shundan 40 o‘rinli «Yurak aritmiyasi va ishemik kasalliklar» bo‘limi, 25 o‘rinli «Arterial gipertoniya» bo‘limi, 30 o‘rinli «Miokard infarkti va shoshilinch kardiologiya» bo‘limi, xo‘jalik hisobidagi 40 o‘rinli Reabilitatsiya va Rentgen-endovaskulyar jarrohlik bo‘limlari mavjud. Bu bo‘limlarda har yili o‘rtacha 4800-5200 nafar bemor davolanib, o‘z sog‘lig‘ini tiklab chiqadi. Bunda 1 shifokor tibbiyot fanlari nomzodi, 2 «Qoraqalpog‘istonga xizmat ko‘rsatgan shifokor,» oliy va birinchi darajali toifalarga ega jami 34 shifokor xizmat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, 150 qatnovga mo‘ljallangan hududiy maslahat poliklinikasi, laboratoriya, diagnostika bo‘limi, fizioterapiya, qabulxona, oshxona ishlab turibdi. Tashxis bo‘limida kompyuterli Rentgen apparati, UZI, EKG, VEM, Xolter-monitor, SMAD, Kompyuter tomografiya apparatlari ishlab turibdi.

Filialda 2020 yildan boshlab aholiga yuqori texnologik diagnostika va davolash ishlari olib borilmoqda. 2023 yilda jami 544 ta yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirilgan bo‘lsa, shundan 234 ta operatsiya stend qo‘yildi, 2024 yilda 457 ta operatsiya amalga oshirilib, shundan 194 nafar bemorga stend qo‘yildi. 2025 yilning o‘tgan 9 oyida 281 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, shundan 135 nafar bemorda stend qo‘yish yo‘li bilan yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari matbuot anjumanidan so‘ng filialda yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.