Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy tajribani yurtimizga olib kirish bo‘yicha qator ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy klinikalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, sheriklik aloqalari o‘rnatildi.

Mana, joriy yilda ham sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy davlatlar bilan xalqaro aloqalar yo‘lga qo‘yilib, bunday hamkorliklar natijasida yurtimizda xorijning tajribali shifokorlari tomonidan bepul tibbiy ko‘riklar, murakkab operatsiyalar amalga oshirilmoqda.

Shunday amaliy chora-tadbirlarni davom ettirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tibbiyot sohasi eng yaxshi rivojlangan mamlakat Hindiston davlatining Dehli shahridagi eng nufuzli «BLK-Max» shifoxonasining tajribali shifokorlari (neyroxirurg-nevropatolog, gepatolog-gastroenterolog, onkolog va ortoped-travmatolog) tomonidan bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, tibbiy maslahatlar berilmoqda.

Ushbu tadbir, ertaga 24 sentyabr kuni davom ettirilib, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston filialida hamda O.Xalmuratov nomidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining poliklinikasida amalga oshirilishini ma’lum qilamiz.

Shuning uchun, barchangizni o‘z sog‘lig‘ingizga befarq bo‘lmay, shunday imkoniyatdan foydalanib qolishga chaqiramiz!