Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida soha mutasaddilari so‘zga chiqib, ushbu aksiya tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish, hududda kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Skrining tekshiruvlari va profilaktik tekshiruvlar o‘tkaziladigan tibbiyot muassasalariga mobil mammograflar, flyuorograflar, angiograf, UZI-apparatlari va oftalmologik to‘plamlar keltirib o‘rnatilgan.

Klinik va biokimyoviy laboratoriya tekshiruvlari uchun barcha zarur uskunalar mavjud. Sarflash materiallari zaxirasi yaratilgan.

️Dastlab mahalliy tibbiyot xodimlari tomonidan aholi profilaktik tekshiruv va skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda. Surunkali kasalligi bor bemorlar respublikaning yetakchi mutaxassislari tekshiruvi va yuqori texnologik tekshiruvlar uchun saralab olinmoqda.

Navbatdagi bosqichda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida mobil va statsionar uskunalar yordamida instrumental tekshiruvlar, selektiv skrining hamda surunkali kasalligi bor aholi uchun poytaxtdan kelgan yetakchi mutaxassislar ishtirokida ko‘rsatma asosida qo‘shimcha tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.