Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan ikki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uning doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Masalan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan Qozog‘istonning nufuzli klinikalari bilan tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish va soha mutaxassislari malakasini oshirish, mahorat darslari va ko‘rgazmali jarrohlik amaliyotlari tobora uzluksiz davom etmoqda.
Yurtimizga kelgan bir qator qozog‘istonlik va Akademik Yo.X.Turakulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yuqori malakali mutaxassislari tomonidan Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida seminar o‘tkazildi.
Seminarda institut professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.






















