«Yuksalish» harakati tomonidan Respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda 28-oktyabrdan 3-noyabrgacha yurtimiz bo‘ylab «Biz – donormiz!» xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Bu – boshqalarga yaxshilik qilish, og‘ir ahvoldagi insonlarga yordam berish niyatida bo‘lganlar uchun imkoniyat.
«Yuksalish» harakati tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Biz – donormiz!» nomli donorlik xayriya aksiyasi 29-oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida ham o‘tkazildi.
Unda, oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari va talabalari, Milliy gvardiya xodimlari, yoshlar va faol fuqarolar ishtirok etdi.
Tashabbusning maqsadi – donorlik qoni zaxirasini to‘ldirish va jamiyatda donorlik madaniyatini rivojlantirishdir. Shuningdek, aksiya jamiyatda o‘zaro yordam madaniyatini shakllantirish, bu jarayonning ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, donor qonining yetishmasligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdir.
Dononing qoni har kuni qiyin vaziyatlarga tushgan insonlar hayotini saqlab qoladi. Og‘ir operatsiyalarni boshidan kechirgan bemorlar, avtohalokatlarda jabrlanganlar, onkologik kasalliklar bilan og‘riganlar va qon quyishni talab qiladigan boshqa ko‘plab tashxislari bor odamlar shular jumlasidan. Aksiya davomida to‘plangan qon zaxiralari tibbiyot muassasalarining bemorlarga yordam ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi.
Bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish shifoxonalar va tibbiyot markazlarida qonning yetarli darajada ta’minlanishiga yordam beradi, bu ayniqsa, favqulodda holatlar va rejalashtirilgan operatsiyalar uchun muhimdir.























