So‘nggi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiyot muassasalarini zamonaviy talablar asosida yangilash hamda shifokorlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Ellikqal’a tumanidagi 2-sonli Respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri «Tashabbusli byudjet» loyihasi orqali 1,5 milliard so‘m mablag‘ yutib olib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu yutuq – mahalla aholisi va jamoatchilikning faol ishtiroki, tashabbusi hamda fidokorona mehnati samarasidir. Ta’mir natijasida binoning ichki va tashqi qiyofasi yangilanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi, tibbiy uskunalar yangilandi va fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati yanada oshirildi. Bugungi kunda dispanserda bemorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan — tozalikka, shinam muhitga va zamonaviy jihozlarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa, albatta, ruhiy sog‘lomlik va samarali davolanish uchun muhim omil hisoblanadi.
Shu munosabat bilan bugun tuman hokimi Niyazimbetov Valijan Batirbayevich, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ruhiy-amaliy ilmiy markazi direktori, professor Ashurov Zarifjon Sharipovich, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Asqarov Akmal Alisherovich hamda tegishli tashkilot rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, dispanser jamoasi va mahalla nuroniylari yangilangan muassasa faoliyati bilan tanishdilar.
Tadbir davomida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi. Ta’kidlanganidek, bu bunyodkorlik ishlari — Prezidentimiz tomonidan tibbiyot sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir.
















