Hurmatli tibbiyot xodimlari va soha faxriylari! Xalqimiz salomatligi va farovonligi yo‘lida tinimsiz xizmat qilayotgan Siz aziz tibbiyot xodimlarini kasb bayramingiz bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan samimiy tabriklaymiz.
O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 12 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kuni etib belgilandi. Rasman tasdiqlangan kasb bayramimizning har yili tantanali ravishda nishonlanishi qalbimizni quvonch va g‘urur tuyg‘ulariga to‘ldiradi. Chunki, bu hukumatimiz va davlatimiz rahbarining xalq salomatligini saqlash sohasida xizmat ko‘rsatayotgan har bir tibbiyot xodimining mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatiga bo‘lgan ulkan g‘amxo‘rligining ifodasidir.
Mamlakatimizda aholi salomatligi va munosib hayot kechirishini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholiga shoshilinch va tez yordam xizmatining tashkil etilishi, ixtisoslashtirilgan markazlarning ochilishi, qishloq vrachlik punktlarining qayta tashkil etilishi va xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishi, tibbiy xizmatning nodavlat sektori yo‘lga qo‘yilishi, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarni davolashda qulay shart-sharoitlar yaratish, yuqumli kasalliklarni kamaytirish va ularga qarshi choralarni kuchaytirish, aholining tibbiy madaniyati va bilimini oshirish, jismonan sog‘lom va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish, yurtimizda raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, davolash muassasalarini yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Keng ko‘lamli islohotlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy xizmat ko‘rsatishning ilg‘or shakl va usullari shakllanib, bu inson salomatligini mustahkamlash, uning o‘rtacha umr ko‘rishini uzaytirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratildi. Ayniqsa, so‘nggi paytda bu soha rivoji uchun qilinayotgan ishlar, insonlarning bebaho boyligi bo‘lgan salomatlikni asrash yo‘lidagi sa’y-harakatlar tibbiyotda muhim o‘zgarishlar boshlanganidan dalolat beradi. Sog‘liqni saqlash sohasining yangi bosqichga ko‘tarilishiga, sohaning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishiga erishildi.
Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va ularning natijalari haqida hali ko‘p gapirish mumkin. Jamiyatimiz uchun zarur bo‘lgan shunday muhim bir sohani takomillashtirish, zamon talabiga mos oldinga qadam tashlash biz tibbiyot xodimlari zimmasida ekan, o‘zingizning bor bilim va tajribangizni safarbar etib, bizga bildirilgan ishonch va e’tiborni oqlaysiz, deb ishonamiz.
Hurmatli hamkasblar! Oldimizda turgan ustuvor vazifalardan biri – tibbiy xizmatni yangi sifatga ko‘tarish, uni aholiga yaqinlashtirish, ushbu xizmatdan foydalanishni soddalashtirish va takomillashtirishdir. Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklaymiz. Xalq salomatligi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Qalbingiz hamisha ustingizdagi oq xalat kabi beg‘ubor bo‘lib, xasta ko‘ngillarga quvonch bag‘ishlashda shifo bergan qo‘llaringiz aslo dard ko‘rmasin!
Murat Ismailovich Qurbonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri
















