Hukumat qarori bilan joriy yilning 11 noyabr sanasida «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pullik xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tibbiyot muassasasiga rejali tibbiy yordam olish uchun bemor tegishli yo‘llanmasiz, o‘z ixtiyori bilan murojaat qilganda, tibbiy yordam belgilangan tartibda pullik asosda ko‘rsatiladi.
Davlat tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlardan tashqari xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pullik asosda ko‘rsatiladi.
Bemor tibbiyot muassasalarining ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi.
Har bir bemorning tibbiy kartasiga uning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlari asosida pullik xizmat ko‘rsatilishi belgilanadi.
Bemorlar tibbiyot muassasasiga to‘lovni oldindan to‘liq to‘lash shartlari bilan qabul qilinadi.
Tibbiyot muassasalariga kelgan shaxslar tasdiqlangan narxlar bo‘yicha haq to‘langanidan keyin maslahat olish uchun mutaxassis shifokorga va (yoki) instrumental-laboratoriya tashxisi qo‘yishga yuboriladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra bola tor soha mutaxassisi tekshiruviga yuborilishi va (yoki) bemorga ambulator yoki statsionar sharoitda davolanish chorasi belgilanadi.
















